Qish fasli. Tong. Ko‘k yuzini bulut qamragan, atrofni tutgan yengil tuman oynadek yiltirab, namxush havoning achiqqan sovuq zahri qordan darak berib, dimoqni shisha sinig‘i yanglig‘ ayovsiz tilimlaydi. Yalang‘och borliqning ayanch manzarasidan tom ustida hurpaygan kaptarlar, sovuqdan tayoqdek qotgan torlaridagi kirlari shamoldan tebranayotgan, chetdan kimsasizdek tuyulib to‘rsayib turgan uylar yanada mung‘ayib, g‘arib tortgandek. Ahyon-ahyonda esayotgan shabada xiralashib qolgan fonuslar yog‘dusi singan yo‘l bo‘ylab sochilgan xazonni supurib, uy devorlariga sochadi, sovuqdan junjikib, munkayganicha sudralgan yo‘lovchining etagiga osiladi, mudroq daraxtlarning quyuq kulrang tanasiga suykanib, shoxlarini tebratadi.